Tub va murakkab sonlar

Faqat ikkita bo`luvchisi (1 va shu sonning o`zi) bo`lgan son tub son deyiladi.

Bo`luvchilari ikkitadan ko`p bo`lgan sonlar murakkab sonlar deyiladi.

Misol: 7 sonining bo`luvchilari 2 ta: 1 va 7. Demak 7 tub son. 9 sonining bo`luvchilari 3 ta: 1,3,9. Demak 9 murakkab son.

1 tub son ham emas, murakkab son ham emas.

2-eng kichik tub son.

4-eng kichik murakkab son.

Natural sonlarni tub ko`paytuvchilarga ajratish.

Har qanday murakkab sonni bir nechta tub sonlar ko`paytmasi ko`rinishida yozish mumkin. Masalan 18 sonini quyidagicha tub sonlar ko`paytmasi ko`rinishida yozish mumkin: 18=2x3x3=2x3^2. Natural sonlarni bunday ko`paytma ko`rinishida yozish natural sonni tub ko`paytuvchilarga ajratish deyiladi. Natural sonlarni tub ko`paytuvchilarga ajratishdan bir nechta sonning eng katta umumiy bo`luvchisini topish, eng kichik umumiy karralisini topish, sonning natural bo`luvchilari sonini topish yoki sonning natural bo`luvchilari yig`indisini topish kabi masalalarni yechishda foydalaniladi.

Eng katta umumiy bo`luvchi.

12 sonining bo`luvchilarini yozamiz: 1,2,3,4,6,12; 18 sonining bo`luvchilarini yozamiz: 1,2,3,6,9,18; Ham 12 ning, ham 18 ning bo`luvchilarini (umumiy bo`luvchilarni) ajratamiz: 1,2,3,6; Ko`rinib turibdiki 12 va 18 sonlarining to`rtta umumy bo`luvchisi bor ekan. Bu bo`luvchilarning eng kattasi 6 ga teng. Shunday qilib 12 va 18 sonlarining eng katta umumiy bo`luvchisi 6 ga teng. Buni qisqacha EKUB(12,18)=6 ko`rinishida yozish mumkin. Umumiy holda, bir nechta natural sonning eng katta umumiy bo`luvchisini topish uchun ularning umumiy tub bo`luvchilarining ko`paytmasini topish kifoya. Misol: 66, 84, 90 sonlarining eng katta umumiy bo`luvchisi topilsin: Yechi: Har bir son tub ko`paytuvchilarga ajratiladi: 66=2x3x11, 84=2^2x3x7, 90=2x3^2x5 Umumiy ko`paytuvchilar-2 va 3 sonlari, demak EKUB(66,84,90)=2x3=6.

Fikr bildirish

Fikr bildirish uchun ro`yhatdan o`tish kerak